Bolalarda burun bitishi va quloq oqishi qanchalik xavfli?
Bolalarda burun bitishi va quloq oqishi qanchalik xavfli?
—Bolalarda quloq, tomoq, burunda tugʻma va orttirilgan nuqsonlar yuzaga kelishi holatlari koʻpayib boryapti. Buning sababi nimada?
—Toʻgʻri aytasiz, bolalarda quloq, tomoq va burunda uchraydigan tugʻma yoki orttirilgan nuqsonlarning oldini olish va samarali davolash tibbiyotning doimiy muammosi hisoblanadi. Chunki bugungi kunda sayyoramizdagi har ming nafar chaqaloqdan ikkitasi ana shunday tugʻma nuqson bilan dunyoga keladi. Qolaversa, sogʻlom tugʻilgan bolalardan ham har ming nafaridan hech boʻlmasa 2-3 tasi bir yoshga kirgunicha yiqilib turli jarohatlar oladi. Notoʻgʻri dori-darmon isteʼmol qilishi, gripp va oʻtkir respirator virusli kasalliklar natijasida eshitish aʼzolarida nuqsonlar paydo boʻladi. Bunday muammolarning oldini olish uchun oilalarga borganingizda ota-onalarga bolalarni toʻgʻri parvarishlash, agar bola shamollasa, albatta, shifokor koʻrigidan oʻtkazgandan keyingina dori-darmon berish zarur.
Xalqimiz tilida tumov, tibbiyotda rinit deb yuritiladigan kasallikning surunkali shakli bugun koʻp uchramoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida shuni aniqladikki, bemorlarning sakson foizida bu kasallikka burundan boshqa aʼzolar, masalan, burun atrofidagi boʻshliqlar shamollashi, burun toʻsigʻi qiyshayishi, qolaversa, jigar, buyrak, oshqozon-ichak kasalliklari ham sabab boʻladi. Bundan tashqari, havodagi chang-gʻubor va turli oʻtkir hidlar ham nafas yoʻllarida allergik muammolar keltirib chiqarib, tumovga olib kelishi mumkin.
— Burun bitishi va quloq oqishining sabablari va ularni bartaraf etish yoʻllari nimalardan iborat?
— Burun toʻsigʻi deformatsiyasi, allergik holatlar, dimogʻ bezi katta boʻlishi, shuningdek, gijjalar ham burun bitishiga olib kelishi mumkin. Bolalarning yuzi yoki badanida oq dogʻlar bor-yoʻqligiga eʼtibor qaratish zarur. Soʻlagi oqsa, kindik atrofida ogʻriqdan shikoyat qilsa, bolani darhol mutaxassislar koʻrigiga yoʻllash tavsiya qilinadi.
Quloq oqishi esa otit, yaʼni oʻrta quloq yalligʻlanishi belgisi boʻlishi mumkin. Bu kasallik kattalarga qaraganda bolalarda ogʻirroq kechadi. Ushbu xastalik yuqori nafas yoʻllari yalligʻlanishi bilan kechadigan yuqumli kasalliklar – gripp, qizamiq, skarlatina sabab yuzaga kelishi mumkin. Kasallikni oʻz bilganicha davolash, quloqqa har xil yogʻlar tomizish, quloqni kovlash quloq pardasiga zarar yetkazishi mumkin. Bemor, albatta, LOR shifokori nazorati ostida davolanishi maqsadga muvofiq.
Kasallik qaytalanmasligi uchun sovuq qotish va shamollashdan ehtiyot boʻlish kerak. Bolani choʻmiltirayotganda suv kirmasligi uchun qulogʻiga vazelinli paxta tiqish kerak. Aksariyat onalar bunday vaziyatda bolaning qulogʻiga paxtaning oʻzini tiqadi. Holbuki, paxta suvni oʻziga shimib ichkariga oʻtkazadi. Bu bola sogʻligʻi uchun juda zararli. Quloqdagi ogʻriq yoki suyuqlik ajralishi bilan kechadigan kasalliklar oʻz vaqtida davolanmasa, meningit, sepsis, hatto miya toʻqimasi absessi kabi ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bois bolaning qulogʻi oqishiga befarq qarab boʻlmaydi.