Dam olishlarsiz ishlaymiz! |
Koʻpchilik quloq pardasining teshilishiga faqat jarohat sabab boʻladi, deb oʻylaydi. Biroq bunga jarohatdan tashqari oʻrta quloqdagi oʻtkir yalligʻlanish jarayoni, barotravma, ekssudativ oʻrta otit kabi quloq kasalliklari sabab boʻlishi mumkin. Quloq pardasi teshilmasligi uchun quloq tozalaganda quloq tozalagichni ichkariroq kiritmaslik, quloqqa qattiq baqirmaslik kerak. Burun va burun yondosh boʻshliqlari yalligʻlanishini davolash oʻrta quloq xastaligining oldini olishda muhimdir. Koʻpchilik quloq pardasi teshilsa, tiklanmaydi, deb oʻylaydi. Biroq quloq pardasi jarohatdan soʻng koʻp hollarda tiklanadi. Ammo pardasi teshilib, oʻrta quloqdan yiringli ajralma oqsa, pardaning tiklanishi ehtimoli kam boʻladi.
Quloq pardasi teshilganda uni tiklash amaliyoti — “miringoplastika” yoki timpanoplastika amalga oshiriladi. Shundagina eshitish qobiliyati yana tiklanadi.
Burun qonashi qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklar ichida birinchi oʻrinda turadi. Umumiy LOR kasalliklari ichida esa bu xastalik 3-5 foizni tashkil etadi. Burun toʻsigʻi old qismidagi tomir chigali juda yuza joylashganligi sababli burunning tez qonashiga olib keladi va 90 foiz qon ushbu sohadan ketadi. Qon ketishiga yana bir sabab burun ichining shikastlanishi boʻlib, hattoki, bola burnini yengilgina kavlagani uchun ham shilliq qavat jarohatlanishi mumkin.
Burun ichiga yot jism tushishi natijasida ham bolalarning burnidan qon ketadi. Odatda bunday holatda burundan qon ajralma aralash keladi. Bir necha kun yot jism ushbu aʼzo ichida qolib ketsa, bolaning nafas olishi qiyinlashib, undan badboʻy hid kelishni boshlaydi.
Kattalarda tomoq ogʻrigʻining 50-95 va bolalarda 70 foizi viruslar tufayli kelib chiqadi: bular adenoviruslar, gripp va gerpes viruslaridir. 20 foizdan kamroq holatlarda tomoqdagi ogʻriqning sababi bakteriyalar, ulardan eng koʻp holatlarda streptokokklar va stafilokokklar boʻlishi mumkin. Qolaversa, oʻta sovuq yoki oʻta issiq harorat, ifloslangan havo, sovuq taomlar va ichimliklar, kimyoviy moddalar, chekish ham tomoq ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin. Bu borada eng yaxshi profilaktika – gigiyenaga eʼtibor berishdir. Sogʻlom turmush tarzi organizmning yuqumli kasalliklarga va boshqa kasalliklarga nisbatan yuqoriroq kurashish qobiliyatini taʼminlashi mumkin.
Toshkent sh., Yunusobod 8-kvartal, 39-uy |
Dam olishlarsiz ishlaymiz! |